Ushbu 99 hujradan iborat to‘g‘ri to‘rtburchak tarhli madrasa ikki qavatli bo‘lib, peshtog‘i g‘arb tomondagi Qutlug‘ Murod Inoq madrasasiga «qo‘sh» qilib qurilgan.
Bosh tarzini miyon-saroy, masjid va darsxona hamda 2 qavatli hujralar egallagan. Eshikdagi yozuvda binoning kurilgan sanasi saqlangan. Hovli tomoni o‘ziga xos, undagi 2 qavatli qator hujralar Polvon darvozaning kichik gumbazlari ustiga va qisman Tim gumbazlari chekkasiga joylashgan. Masjid va darsxona tuzilishi bir xil. Usti yarim aylana shaklidagi pastak gumbaz bilan yopilgan. Devorlaridagi chuqur ravoqlar hisobiga xona keng ko‘rinadi. Madrasa g‘arbida joylashgan ayvondagi yozgi masjidning mehrobi ganchli muqarnasdan «iroqi» uslubida bezatilgan.
Madrasa zamonasining obro‘li o‘quv markazlaridan bo‘lib, unda turli millat vakillari o‘qigan. Bu madrasada qozoq va turkman domlalar dars berganligiga qaraganda, ko‘pchilik talabalar ham turkman va qozoq bolalari bo‘lishgan. Olloqulixon talabalarini kitob bilan ta’minlaydigan bu madrasaning kutubxonasiga uning yonidagi Karvon saroy va Timdan tushadigan daromadni ham qo‘shimcha vaqf qilib bergan.
Madrasa peshtoqidagi bitikda shunday yozilgan: “Alloh taoloning sharofati bilan bu serfayz makon, xayr va barakalar koni, Muhammad Rahim podshohi g‘oziyning (uning qabri nurli bo‘lsin) o‘g‘li hazrati ulug‘ sulton va hurmatli hoqon Abulg‘oziy Allohquli Xorazmshoh (uning davlati mangu davom etsin) buyrug‘i bilan bino etildi. Sana 1250“.
Madrasa peshtog‘i bo‘ylab P shaklida nihoyatda chiroyli va shuning bilan qiyin o‘qiladigan suls xati uslubidagi yozuvda Qur’oni Karimning Fath (g‘alaba) surasi yozilgan.
Madrasaga Hunarmandchilik uyushmasi va folьklor qo‘shiqchilik ansamllari joylashgan.